Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

19.07.2026 07:22
O'zbekchaРусский
Bu hafta (13-iyuldan 19-iyulgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Samarqandda banklardan biriga bostirib kirib, pul talab qilgan yigitning qo‘lga olingani, 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkiloti jarimaga tortilgani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: Yandex Maps

SQB boshqaruv raisi o‘rinbosari Prezident administratsiyasida yangi lavozimga tayinlandi

Farrux Abdurahmonov Prezident administratsiyasining Banklar tizimidagi muammolarni tahlil qilish bo‘yicha loyiha ofisi sho‘ba mudiri lavozimiga tayinlandi.

Farrux Abdurahmonov. Foto: SQB/AI

U bunga qadar 2021-yildan buyon O‘zsanoatqurilishbank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Abdurahmonov haqida batafsil:

InFinBank o‘zining mikromoliya tashkilotini 2,6 mlrd so‘mga sotdi

InFinBankka tegishli Flash Money Finance mikromoliya tashkiloti bank Kuzatuv kengashi a’zosi Zikirillo Abdullayevga 2 mlrd 557 mln so‘mga sotildi. 

Shu munosabat bilan tashkilot 9-iyul kuni bankning affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgan. Batafsil

Banklardan mikroqarz sug‘urtasi bo‘yicha aniq va tushunarli axborot berish so‘raladi — MB

Markaziy bank tijorat banklariga mikroqarzlar bilan bog‘liq sug‘urta mahsulotlari yuzasidan mijozlarga to‘liq, xolis va tushunarli axborot berishni so‘rab xat yubordi.

Xususan, banklardan sug‘urta mahsulotini rasmiylashtirish shartlari, uning mijoz uchun ixtiyoriy yoki majburiy ekani, sug‘urta mukofotini to‘lash hamda kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda uni qaytarish tartibini mijozlarga aniq tushuntirish so‘ralgan. Batafsil

Raqobat qo‘mitasi 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi

Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlar reklamalarida foiz stavkalari, qo‘shimcha to‘lovlar va boshqa muhim shartlar to‘liq oshkor etilmagani hamda iste’molchilarni chalg‘ituvchi holatlar aniqlangani sababli 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima qo‘lladi. Batafsil

ANORBNAK 200 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarmoqda

ANORBANK Kuzatuv kengashi yig‘ilishida bank tomonidan 200 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Buning uchun bank nominal qiymati 100 ming so‘mdan bo‘lgan jami 2 mln dona obligatsiya chiqaradi. Emissiya shartlariga ko‘ra, obligatsiyalar bo‘yicha yillik foiz stavkasi 20 foiz etib belgilangan. Batafsil

Orient Finans Bank ustav kapitali 884 mlrd so‘mga oshirilmoqda

Orient Finans Bank kuzatuv kengashi yig‘ilishida qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali bankning ustav kapitalini oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Buning uchun bank nominal qiymati 1250 so‘m bo‘lgan qariyb 708 mln dona oddiy aksiya chiqaradi. Chiqarilgan aksiyalar to‘rt aksiyador o‘rtasida taqsimlanadi.

Emissiya muvaffaqiyatli yakunlansa, bankning ustav kapitali 884 mlrd so‘mga oshib, 3 trln 584 mlrd so‘mga yetadi. Batafsil

InFinBank asosiy aksiyadori Perfectum kompaniyasining 50 foiz ulushini sotib olmoqda

InFinBank asosiy aksiyadori Farhod Mamajonov Perfectum aloqa kompaniyasining 50 foiz ulushini sotib olmoqda.

Raqobat qo‘mitasi Mamajonovning mazkur bitimni ma’qullash haqidagi arizasini ko‘rib chiqib, uni amalga oshirishga rozilik berdi.

Qo‘mita o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim tovar bozoridagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Hozirda Perfectum kompaniyasining 50 foiz ulushiga Abdumalik Iminov, qolgan qismiga esa UZCARD kompaniyasining ikki nafar aksiyadori egalik qiladi. Batafsil

Markaziy bank Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bankda islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtiruvchi Islomiy moliya kengashi tashkil etildi.

Foto: Markaziy bank

Kengash tarkibi islom huquqi bo‘yicha mutaxassis va texnik ekspert bo‘lgan besh nafar a’zodan iborat. Kengash a’zolari hamda ularning vazifalari haqida batafsil:

Octobank yarim yilda qanday natijalarga erishdi

2026-yilning birinchi yarmida Octobank 170,6 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi, aktivlari esa 16,5 trln so‘mga yetdi.

Infografika: Octobank

Bu davrda yangi kredit mahsulotlari ishga tushirildi, xalqaro pul o‘tkazmalari geografiyasi kengaytirildi.

Shuningdek, bank bir qator nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritdi va o‘zining 25 yilligi munosabati bilan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirdi. Batafsil

Turonbank ustav kapitali 700 mlrd so‘mga oshirilmoqda

Turonbank kuzatuv kengashi yig‘ilishida bank ustav kapitalini qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali 700 mlrd so‘mga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bank buning uchun nominal qiymati 1700 so‘m bo‘lgan qariyb 412 mln dona oddiy aksiya chiqaradi. Emissiya muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bank ustav kapitali 2 trln 334 mlrd so‘mga yetadi. Batafsil

ANORBANK uch yil davomida dividend to‘lamaslikka qaror qildi

ANORBANK aksiyadorlari kapitalning yetarli darajasini saqlab turish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda bankning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida 2025, 2026 va 2027-moliya yillari yakunlarida bank aksiyalari bo‘yicha dividend to‘lamaslikka qaror qildi. Batafsil

Ipoteka-bank yarim yilda 1,38 trln so‘m sof foyda ko‘rdi

Ipoteka-bank 2026-yilning birinchi yarmida 1 trln 388 mlrd so‘m sof foyda oldi.

Taqqoslash uchun, bank o‘tgan yilning shu davrida 392 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi.

Bank ushbu moliyaviy natijaga kredit zararlarini baholash xarajatlarini kamaytirish hisobiga erishgan. Batafsil

Samarqandda bankka bostirib kirib, pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi

2026-yilning 13-iyul kuni Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi banklardan biriga yuzini niqob bilan yashirgan shaxs bostirib kirib, pul talab qilgan.

Noma’lum shaxs bank binosiga bosqin uyushtirgan bo‘lib, voqea joyiga yetib borgan tezkor guruh tomonidan vaziyat nazorat ostiga olingan.

Aniqlanishicha, bosqinchi qishki kiyimda, yuzini niqob bilan yashirgan va qora sumka ko‘targan holda bankka kirib kelgan.

U o‘zida portlovchi modda borligini aytib, oynalarni sindirgan va bank xodimlaridan naqd pul talab qilgan.

Voqea joyiga yetib kelgan qo‘riqlash xodimlari fuqaro bilan xavfsiz masofadan turib muzokara olib borgan.

So‘ngra tartibbuzar o‘z xohishi bilan taslim bo‘lgan va qo‘lga olingan. Hodisa oqibatida fuqarolarga zarar yetmagan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, shaxs oson pul topish maqsadida mazkur jinoyatga qo‘l urgan. Batafsil

ANORBANK tarmoqlarda tarqalgan videorolik yuzasidan bayonot berdi

ANORBANK ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va bank obro‘yiga putur yetkazuvchi videorolik yuzasidan bayonot berib, undagi da’volarni rad etdi.

Regulyator ko‘rsatmasiga izoh bergan bank o‘z ishchanlik obro‘yini himoya qilish uchun video muallifiga rasmiy talabnoma yuborganini ma’lum qildi. Batafsil

Qashqadaryoda bank xodimlari omonat hamda kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi

Qashqadaryo viloyatining Kitob, Ko‘kdala va Muborak tumanlarida bank xodimlari fuqarolarni aldab, omonat va kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani fosh etildi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil

Andijon va Sirdaryoda hokim yordamchilari imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgani aniqlandi

Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilari, MChJ rahbarlari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruvlarda jami 853,3 mln so‘mlik kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan