Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

20.09.2026 14:22
O'zbekchaРусский
Bu hafta (14-sentyabrdan 20-sentyabrgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Iyul oyida banklarning muammoli kreditlari qariyb 1 trln so‘mga ortgani, Tenge Bank boshqaruv raisiga birinchi o‘rinbosar tayinlangani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Fotokollaj: tanga.uz

Foizsiz kredit va’dasi bilan fuqarolarning 17 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi

Toshkent viloyatida fuqarolarga foizsiz kredit olib berishni va’da qilgan jinoiy guruh 400 dan ortiq fuqaroni aldab, ularning nomiga rasmiylashtirilgan kreditlarning qariyb yarmini — 17 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi. Olti nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan. Batafsil

Bahordir Mirzayev Octobank boshqaruv a’zolari tarkibiga kiritildi

Bahodir Mirzayev / Foto: Linkedin

2026-yil mart oyidan buyon Octobank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Bahodir Mirzayev ushbu bank boshqaruv a’zolari tarkibiga kiritildi. Ushbu tayinlov uchun Markaziy bankdan tegishli tartibda rozilik olingan. Batafsil

Bu hafta O‘zbekistonda dollar kursi yana uch yillik minimumni yangiladi

15-sentyabr kuni uchun dollarning rasmiy kursi 11 760,55 so‘m etib belgilandi. Bu so‘nggi uch yildagi, aniqrog‘i, 2023-yil 10-avgustdan keyingi davrdagi eng past ko‘rsatkichdir.

Bunda rasmiy kurs ketma-ket to‘rtinchi kun tushib, shu muddat ichida 48 so‘mga arzonladi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning 15-sentyabrida 1 AQSh dollari 12 426,83 so‘mni tashkil etgandi. Bu esa uning bir yil ichida 666 so‘mga arzonlaganini ko‘rsatadi.

Iyul oyida banklarning muammoli kreditlari qariyb 1 trln so‘mga ortdi — tahlil

Iyul oyida banklarning muammoli kreditlari 986 mlrd so‘mga ortib, 23 trln 929 mlrd so‘mga yetdi.

Muammoli kreditlar oshishida Mikrokreditbank (+485 mlrd so‘m) hamda Kapitalbank (+382 mlrd so‘m) eng ko‘p hissa qo‘shgan.

Asakabank (-98 mlrd so‘m), SQB (-77 mlrd so‘m) hamda Ipak Yuli Banki ushbu oyda muammoli kreditlarini sezilarli darajada kamaytira olgan. Batafsil

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini Xalq Bankidan Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda

2027-yildan boshlab fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini Xalq Banki tasarrufidan Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, mazkur tizim 2005-yilda joriy etilgan bo‘lib, shundan buyon fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari Xalq Banki tomonidan yuritib kelinmoqda. Batafsil

Bank kartasi nima sababdan bloklanganini aniqlash imkonini beruvchi tizim joriy etildi

Bank kartasi nima sababdan bloklanganini aniqlash imkonini beruvchi InfoCards axborot almashinuvi tizimi joriy etildi.

Endilikda bank kartasi nima sababdan va qaysi organ tomonidan bloklanganini bilish uchun Markaziy bankka murojaat qilish shart emas — kartaga xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat qilish kifoya. Batafsil

Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank 16-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.

Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyotda narxlar oshishiga bo‘lgan bosimlar saqlanib qolmoqda. Shu sababli asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish zarur deb topildi.

Eslatib o‘tamiz, asosiy stavka 2025-yilning 20-mart sanasida 0,5 foiz bandga ko‘tarilib, 14 foiz darajasiga yetkazilgandi.

Undan keyingi davrda bu ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolmoqda. Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish joriy yilning 28-oktyabriga belgilangan. Batafsil

Janubiy Koreyaning Hana Banki O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

Janubiy Koreyaning Hana Banki joriy yil yakunigacha O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda.

Agar vakolatxonani tashkil etish belgilangan muddatda yakunlansa, bank Markaziy Osiyo moliya bozori va biznes imkoniyatlarini o‘rganib, mahalliy bozorga to‘laqonli kirish uchun ish boshlaydi. Batafsil

Tenge Bank boshqaruv raisiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Foto: Bank-moliya va fintexdagi tayinlovlar / Telegram

2025-yil oktyabr oyidan buyon Xalq Banki Strategiya departamenti direktori lavozimida ishlab kelgan Jamshid Rahmatboyevich Xayrullayev Tenge Bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgandan so‘ng rasman kuchga kiradi. Batafsil

Banklarda yarim yilda 462 mlrd so‘mlik shubhali operatsiyalar cheklandi

Bank mijozlarining mablag‘larini raqamli firibgarlikdan himoya qilish maqsadida joriy etilgan session antifrod tizimi 2026-yilning birinchi yarmida qariyb 462 mlrd so‘mlik xavfli operatsiyalarni chekladi. Bu summaning qariyb 93 foizi uchta bank — Xalq Banki, TBC Bank va Uzum Bank hissasiga to‘g‘ri keladi. Batafsil

Asakabank birinchilardan bo‘lib xususiylashtirilishi mumkin

O‘zbekistonda hozirda mavjud to‘qqizta davlat bankidan biri Asakabank birinchilardan bo‘lib xususiylashtirilishi mumkin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyevning ma’lum qilishicha, bankni sotuvga tayyorlash jarayonida maslahatchilar ishlamoqda.

Uning aytishicha, bank xususiylashtirish jarayoniga tayyor bo‘lishiga qarab birinchilardan bo‘lib sotilishi mumkin.

Miraliyev bankni xususiylashtirish jarayoni katta ehtimol bilan joriy yil oxirigacha yakunlanmasligini bildirdi. Batafsil

Agrobank o‘zining venchur fonini tashkil etdi

Agrobank aksiyadorlik tijorat banki tomonidan qishloq xo‘jaligidagi startap loyihalarni moliyalashtirish uchun ustav kapitali 73 mlrd so‘m bo‘lgan Agro Ventures fondi ta’sis etildi. Batafsil

Ipoteka-bank boshqaruv tarkibida o‘zgarish yuz berdi

Ipoteka-bank boshqaruv raisining o‘rinbosari, Korporativ bank xizmatlari va bozor instrumentlari bloki rahbari Irakli Elashvili hamda boshqaruv raisining o‘rinbosari, Operatsion blok rahbari Maksim Bykov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Irakli Elashvili (chapda) va Maksim Bykov / Foto: Ipoteka-bank

Maksim Bykovning o‘rniga Operatsion blokni boshqarish vazifasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Dmitriy Volchekka yuklatildi. Irakli Elashvilining o‘rniga esa hozircha yangi rahbar tayinlanmagan. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan