Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

22.11.2026 15:44
O'zbekchaРусский
Bu hafta (16-noyabrdan 22-noyabrgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Beeline egasi O‘zbekistonda bank bozoriga kirmoqchiligi, Apple Pay xizmati milliy kartalarda ham ishlay boshlagani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Fotokollaj: tanga.uz

Akmal Mansurov Apex Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tayinlandi

U 2024-yilning fevral oyidan 2026-yilning yanvar oyigacha Asia Alliance Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Akmal Mansurov / Foto: Asia Alliance Bank

Bank tizimida 20 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis faoliyatining katta qismini O‘zsanoatqurilishbankda olib borgan. Batafsil

Davr Bank boshqaruv raisi advokatga javob bermagani uchun jarimaga tortildi

Davr Bank boshqaraisiraisi Abdumajid Samadov advokatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topilib, ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Abdumajid Samadov / Foto: Davr Bank

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi 27-oktyabr kuni unga 1 mln 320 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi. Batafsil

Endi fuqarolar kredit tarixini tekshirishga kimlarga ruxsat berganini kuzatishi mumkin

KATM kredit byurosi “Mening roziliklarim” xizmatini test rejimida ishga tushirdi.

Uning yordamida fuqarolar kredit tarixini tekshirish uchun qaysi bank yoki kredit tashkilotiga ruxsat berganini ko‘rsa bo‘ladi.

Xizmat 15-noyabrdan buyon ishlamoqda va unda ushbu sanadan keyin berilgan roziliklar aks etadi. Sinov davrida xizmatdan foydalanish bepul. Batafsil

Apple Pay xizmati milliy kartalarda hamd ishlay boshladi

O‘zbekistonda UZCARD va HUMO milliy to‘lov tizimlari kartalarini Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratildi.

Hozircha xizmatga Xalq Banki chiqargan UZCARD hamda Octobank chiqargan HUMO kartalarini ulash mumkin.

Kelgusida boshqa banklar chiqargan milliy kartalarni ham Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, bu banklar va to‘lov tizimlarining texnik tayyorgarligiga bog‘liq. Batafsil

Openbank aksiyalari boshqa kompaniya tasarrufiga o‘tadi

Openbank ustav kapitalidagi barcha aksiyalar Open Global MChJ ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi.

Natijada bankning 100 foiz ulushi Future Open Technology Group AJdan Open Global MChJ tasarrufiga o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida Agrobank aksiyadorlari umumiy yig‘ilish o‘tkazib, unda Openbank aksiyalarini sotib olish masalasini ko‘rib chiqqandi.

Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Openbank aksiyalarini qonunchilikda belgilangan tartibda sotib olinishi ma’qullangan.

Shundan so‘ng Openbank aksiyadorlari tarkibida o‘zgarish yuz berib, ikki nafar aksiyador tarkibdan chiqqandi. Batafsil

Fransiya va Janubiy Koreyaning yirik banklari O‘zbekistonda vakolatxonalarini ochdi

Janubiy Koreyaning Hana Bank va Fransiyaning Societe Generale banklari O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochdi.

Natijada mamlakatdagi xorijiy bank vakolatxonalari soni 10 taga yetdi. Batafsil

O‘zbekistonda yana to‘rtta bank islomiy bank faoliyati uchun litsenziya oldi

Ipak Yo‘li Banki, Orient Finans Bank, Asia Alliance Bank hamda Hayot Bank tijorat banklariga islomiy bank faoliyati uchun litsenziya berildi.

Markaziy bank boshqaruvi ularga litsenziya berish bo‘yicha tegishli qarorni 18-noyabr kuni qabul qilgan.

Shu tariqa O‘zbekistonda islomiy bank litsenziyasiga ega bo‘lgan tijorat banklari soni beshtaga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, 23-oktyabr kuni Openbank mamlakatda birinchi bo‘lib islomiy bank litsenziyasini olgandi. Batafsil

Endi ish haqini istalgan bank kartasiga olish mumkin

O‘zbekistonda ish haqini istalgan bank kartasiga olish imkoniyati yaratildi.

Endilikda xodimlar ish haqi va boshqa to‘lovlarni o‘zlari tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olishlari mumkin.

Ilgari buning uchun, odatda, ish beruvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan alohida karta ochish talab etilardi.

Dastlabki bosqichda ushbu imkoniyat xususiy sektor tashkilotlari va ularning xodimlari uchun mo‘ljallangan. Batafsil

O‘zbekistonda oltin quymasi narxi yil boshidan buyon eng past ko‘rsatkichga tushdi

O‘zbekiston Markaziy banki 19-noyabr kuni uchun o‘lchovli oltin quymalar narxlarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 5 grammlik oltin quymasining sotuv narxi 8 mln 917 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Bu yil boshidan buyon, aniqrog‘i 9-yanvardan keyin kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir. Batafsil

Yangi Bankning bosh ofisi 111 mlrd so‘mga sotildi

Litsenziyasi bekor qilingan Yangi Bankning Toshkent shahridagi bosh ofisi 111 mlrd 300 mln so‘mga sotildi.

9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn auksionda Kapital Loyihalar Guruhi davlat korxonasi g‘olib deb topildi.

E’tiborli jihati, xaridor kompaniya sotib olingan bino bilan bir xil manzilda ro‘yxatdan o‘tgan. Batafsil

Beeline egasi O‘zbekiston bank bozoriga kirmoqchi

Beeline Uzbekistan egasi bo‘lgan VEON guruhi O‘zbekiston bank bozoriga kirish niyatida.

Kompaniya mavjud bankni sotib olish yoki yangisini tashkil etish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Batafsil

Turkiya banklari O‘zbekiston banklarini xususiylashtirishda ishtirok etishga taklif qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning moliya institutlarini O‘zbekiston bank sektoridagi islohotlar va xususiylashtirish jarayonlarida faol qatnashishga taklif qildi.

Ikki mamlakat rasmiylari hamda yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirokida kechgan yig‘ilishda O‘zbekistonda 33 yildan beri ishlab kelayotgan Ziraat Bank faoliyati ijobiy baholangan. Batafsil

O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirish 2028-yilga surilishi mumkin — Fitch

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligining kutilmasiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirish 2028-yilga surilishi mumkin.

Rejaga binoan, jarayon 2027-yildan boshlanib, 2030-yilgacha beshta davlat banki xususiylashtirilishi kerak.

Agentlik o‘z kutilmasini banklarni sotishdan oldin qo‘shimcha tayyorgarlik ishlari zarurligi bilan izohlagan.

Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayev qo‘lga olingani aytilmoqda

Chori Mirzayev / Foto: Turonbank

Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayev yirik miqdordagi pullarni o‘zlashtirishda gumonlanib, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qo‘lga olingani aytilmoqda. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan